O‘zbekistonlik shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov TePe Sigeman Chess Tournament 2024 turnirida g‘olib bo‘ldi.
U asosiy davrada 4,5 ochko to‘plab, Arjun Erigaysi (Hindiston, FIDE reytingi — 8, Elo balli — 2761) hamda Pyotr Svidler (Rossiya, 45, 2689) bilan bir xil ochko jamg‘argan holda peshqadam bo‘ldi.
Shundan so‘ng uch shaxmatchi o‘rtasida tay-breyk bahslari o‘tkazildi. Nodirbek Abdusattorov ikkala o‘yinda ham raqiblarini mag‘lub etdi va musobaqa chempionligini qo‘lga kiritdi.
Abdusattorov musobaqa boshidagi omadsiz start evaziga FIDE onlayn reytingida 8-pog‘onaga tushib qolgandi, lekin 3 ta g‘alabadan so‘ng yo‘qotilgan reytinglarini tiklab, yana top-5 likka qaytdi.
TePe Sigeman Chess Tournament musobaqasi har yili Shvetsiyaning Malmyo shahrida bo‘lib o‘tadi. Shaxmatchilar sakkiz o‘yinchidan iborat bitta davra tizimida raqobatlashadi. Vaqt nazorati — 40 ta yurish uchun 90 daqiqa, o‘yinning qolgan qismida yana 30 daqiqa va har bir harakat uchun 30 sekund qo‘shimcha.